
MAKTABGACHA TA’LIM TASHKILOTLARINING SANITARIYA HOLATI O‘RGANILDI
Toshkent shahridagi 267 va 580-sonli Davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida Sanepidqo‘mita Toshkent shahar boshqarmasi Chilonzor hamda Bektemir tuman bo‘limlarining sanitariya bo‘linmasi mutaxassislari tomonidan rejali nazorat ishlari o‘tkazildi.
Nazorat davomida bolalar uchun tayyorlanayotgan taomlarning tasdiqlangan taomnomalar asosida tayyorlanayotgani, oziq-ovqat xom- ashyosining saqlanish holati, mahsulotlar saqlanayotgan sovutgichlarning ishlatilishi maqsadga muvofiq yorliqlanganligi, brakeraj komissiyasining faoliyati o‘rganildi.
Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan muassasa mudirasiga tushuntirish berildi va ma’muriy huquqbuzarlik bayonnomasi rasmiylashtirildi.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
Learn More
DOLZARB SAVOLLARGA SANEPIDQO‘MITA BOSH MUTAXASSISI ABDURAHMON ISMOILOV JAVOB BERDI
Hozirgi vaqtda poliz mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoj kundan-kunga ortmoqda. Muddati o‘tgan mahsulotlar o‘z navbatida sog‘liqqa zarar tug‘dirmoqda. Bugun shu mavzular yuzasidan Sanepidqo‘mita bosh mutaxassisi Abdurahmon Ismoilovga quyidagi savollar bilan yuzlandik.
Qovun-tarvuz iste’molidan zaharlangan bemorlar qanchalik ko‘p uchraydi, bu borada statistik tahlillar qilinmoqdami, zaharlanishning asosiy omillari nimalardan iborat?
Aynan pishiqchilik vaqtida aholi orasida qovun-tarvuz iste’mol qilishlari oqibatida oshqozon-ichak faoliyatining buzilishi va ovqatdan zaharlanish holatlari kuzatilib turishi ehtimoldan holi emas.
Epidemiologik surishtiruvlar natijasida bu kabi holatlar aholining bu mahsulotlarni iste’mol qilishdagi beparvoligi bilan bog‘liq bo‘layotganligi ko‘zga tashlanmoqda.
Fikrimning isboti sifatida ta’kidlash joizki, aholimiz poliz mahsulotlarini xarid qilishda ularning tarkibidagi nitrat va nitritlarga veterinariya-sanitariya laboratoriyalarida tekshirilganligini tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilishmaydi.
Hayotimiz davomida tez-tez uchrab turadigan yana bir holatga e’tiborni qaratish lozim, u ham bo‘lsa biz aksariyat hollarda poliz mahsulotlarini magistral yo‘l yoqalarida, ko‘cha-ko‘ylarda, mahalla va mavzelar ichida sotilayotgan joylardan yoki arava hamda boshqa transport vositalarida sotib yurgan shaxslardan xarid qilamiz.
Masalaning yana bir jihati shuki, nimagadir biz qovun-tarvuzlarni xarid qilish jarayonida uni kesib berishlarini talab qilamiz va pishganligiga hamda shirinligiga ishonch hosil qilamiz. Aytingchi, biron marotaba qovun yoki tarvuzni kesishdan avval pichoqni yuvish u yoqda tursin, hatto artib ishlatgan sotuvchini ko‘rganmisiz?
Poliz mahsuloti tez aynaydigan mahsulotlar sirasiga kiradi. Biz ko‘pincha oila-a’zolarimiz bir o‘tirganda yeb tugata olmaydigan kattalikdagi poliz mahsulotlarini xarid qilamiz. Tabiiy, bu mahsulotlarni bir necha kun davomida saqlashga va iste’mol qilishga to‘g‘ri keladi.Tasavvur qilib ko‘ringchi, bironta oilada aynan poliz mahsulotlarini saqlash uchun alohida muzlatgich bormikan, bo‘lgan taqdirda ham juda kam miqdordagi oilalar bu kabi imkoniyatga ega. Demak, biz iste’mol qilib ulgurmagan poliz mahsulotlarini muzlatgichsiz yoki muzlatgichda pishmagan mahsulotlar deylik, go‘sht, tuxum, baliq, sabzavot-mevalar, sut va sut mahsulotlari kabilar bilan birga saqlaymiz.
Albatta har bir shaxs sifatli mahsulotni arzon narxlarga xarid qilishga intiladi. Sifatli mahsulot esa bir muncha qimmat turishini hammamiz bilamiz. Bunday imkoniyatlar ham hammada bir xil emas. Shunday ekan terish, tashish va saqlash jarayonida pachoqlangan, ezilgan, yorilgan yoki butunligi u yoki bu darajada buzilgan hamda so‘lib qolgan poliz mahsulotlarini arzongarovga sotayotgan va xarid qilayotgan shaxslarni ham ko‘rishimiz mumkin. Poliz mahsulotlari pishib yetilganda uning tarkibida uglevodlar, ayniqsa saxaroza, fruktoza, mannoza va boshqalar miqdori juda yuqori darajada bo‘ladi. Butunligi buzilgan poliz mahsulotlari esa mikroorganizmlar, shu jumladan ularning kasallik qo‘zg‘atuvchi turlari uchun tayyor ozuqa-muhiti bo‘lishi mumkin
Umuman olganda poliz mahsulotlarini xarid qilishda ular sotilayotgan joylarga va sharoitiga e’tiborli bo‘lishimiz lozim. Balki ular tarkibidagi nitrat va nitritlar miqdori ko‘p bo‘lganligi uchun bozorlar hududiga kiritilmagan, shu sababli belgilanmagan joylarda sotilayotgandir.
Keng jamoatchilik bilib qo‘yishi kerak bo‘lgan yana bir jihat borki, u ham bo‘lsa oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish (bir paytning o‘zida bir necha xil mahsulotlarni iste’mol qilish nazarda tutilayapdi) tartibiga amal qilish kerak. Aholimiz qisman xabardor bo‘lishgan bo‘lsada, eslatib qo‘yish kerak bo‘lgan jihat, u ham bo‘lsa poliz mahsulotlarini iste’mol qilgandan keyin qaynatilmagan suv, sutli mahsulotlar (ayron, qimiz, qumron va boshqalar) iste’mol qilish oshqozon-ichak tizimi faoliyatining buzilishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Bilamizki umumiy ovqatlanish muassasalarida poliz mahsulotlarini kesilgan, to‘g‘ralgan, maydalangan holda xo‘randalarga taklif etish ommalashib borayapdi. Bundan ko‘rinib turibdiki, poliz mahsulotlarini shu ko‘rinishda tayyorlab beradigan shaxslar tibbiy ko‘rikdan o‘tgan bo‘lishi, sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etishi, kiyim-boshi, qo‘llari, ushbu maqsadda ishlatiladigan pichoqlari, vilkalari va idishlari tozalab yuvilgan bo‘lishi talab etiladi. Aynan shu tarzda tayyorlangan poliz mahsulotlari ko‘pi bilan ikki soat ichida iste’mol qilinishi kerak bo‘ladi.
Yana bir jihat, bolalarning organizmi kattalarnikidek emas, ular poliz mahsulotlarini ko‘proq iste’mol qilsalar salbiy oqibatlar kuzatilishi mumkin. Albatta ularning ham poliz mahsulotlarini iste’mol qilgisi keladi. Ushbu holatni inkor qilmagan holda, bolalarga bu kabi mahsulotlarni berilishida me’yorni belgilab olishimiz kerak bo‘ladi.
Do‘konlardan yoki ko‘chadan sotib oladigan mahsulotimizni aynigan yoki hali pishib yetilmaganligini qanday aniqlashimiz mumkin?
Bilamizki, respublikamizda poliz mahsulotlarining pishib yetiladigan davri mavjud. Uzoq yillar davomida o‘sha qonuniyatni kuzatib kelamiz. Dastlab handalak, keyinroq erta pishar qovun-tarvuzlar, keyinchalik kech kuzga borib pishib yetiladigan poliz mahsulotlari. Hozirgi kunda biz o‘rganib qolgan o‘sha mavsumiylik yo‘qolib borayapdi. Buning sababi bir nechta bo‘lishi mumkin. Birinchi sababi poliz mahsulotlarining tez pishar navlari respublikamizga olib kelinayotgan bo‘lsa, ikkinchi sababi bu kabi mahsulotlarni yetishtirishda yangicha usullardan foydalanilayotgan (issiqxona, pishish yetilish jarayonini tezlashtiruvchi kimyoviy vositalardan foydalanish) bo‘lishi mumkin.
Tadbirkorlik rivojlanayotgan, kundan kunga kengayib borayotgan bir davrda yashayotganimizni e’tiborga olsak, hali may oyi kelmasdanoq pishib yetilgan qovun-tarvuzni ko‘rib ajablanmasak ham bo‘ladi.
Shunday bo‘lgan taqdirda ham aholi ehtiyoji uchun sifati kafolatlangan mahsulot yetkazib berilsa, biz bundan faqat mamnun bo‘lishimiz kerak bo‘ladi.
Aynigan mahsulotni yeb qo‘ygan shaxs qanday choralar ko‘rishi zarur va qaysi belgilardan so‘ng tez yordamga murojaat qilish kerak?
Birinchidan, agar mahsulotning ko‘rinishi (kesilgan joyi qorayib qolgan, rangi, ta’mi va hidi) o‘zgargan bo‘lsa, bunday mahsulotlarni iste’mol qilmaslik kerak. Mabodo poliz mahsulotlarini iste’mol qilgandan keyin, umumiy holsizlik, tana haroratining ko‘tarilishi, ko‘ngil aynishi, qorin sohasida og‘riq, qayd qilish va ich ketish kabilar kuzatilsa darhol tez yordamga murojaat qilish kerak bo‘ladi.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
Learn More
